воскресенье, 28 декабря 2014 г.

Registon maydoni

Qadimiy Samarqandga tashrif buyurgan sayyohlar bu muazzam shaharning yuragi bo’lmish Registon maydoni va unda qad rostlagan uch madrasaning ko’rki, salobatidan hayratga tushadilar. 


Uning nafis go’zalligini soatlab tomosha qiladilar, sehrli oqshomlaridan taraladigan sukunat qo’shig’ini tinglaydilar. Registon. Bu nom har bir samarqandlik uchun bag’oyat tanish nom. Registon maydoni qadim-qadimdan boshlab Samarqandning boshidan kechgan shodlik va qayg’uli kunlarning tirik, tilsiz guvohidir. Mirzo Ulug’bek zamonasidan buyon bu maydon Samarqand ahli uchun Bosh maydon hisoblanadi. 

Samarqand hukmdorlarining farmonlari shu yerdan e’lon qilinadi. Yovga qarshi erk jangiga otlangan jasur lashkarlar, aynan, shu maydonda qasamyod qilishib keksalardan duo-fotiha olganlar... Registon maydonida olib borilgan arxeologik qazishmalarning ko’rsatishicha, ibtidoiy jamoa davrida bu yerda ulkan changalzor bo’lib eng qadimgi ovchilar changalzorda har xil yovvoyi hayvonlarni ovlaganlar. Qazishmalar paytida Registon maydonining eng pastki qatlamlaridan ibtidoiy odamlarning ov qurollari topilgandir. Antik davrda esa hozirgi Registon maydonidan Afrosiyob shaharchasi tomonga katta ariq o’tkazilgan ekan. VIII-X asrlarda Registon maydoni o’rnida juda ko’plab imoratlar paydo bo’la boshlaydi, chunki, Samarqandni istilo qilgan arablar Afrosiyobdan bir necha minglab mahaliy aholini majburlab ko’chirgan edilar. Aynan shu davrlarda bu yerda xunarmandlarning ustaxonalari, savdo rastalari bunyod etiladi. XI-XII asrlarda hozirgi Registon maydoni o’rni va atrofidagi mahallalar tashqi mudofaa devori bilan o’ralib "tashqi shahar" nomi bilan atala boshlaydi. 1220 yili Afrosiyob Chingizxon tomonidan vayron qilingach, bu yerda yashashni iloji qolmaydi, tirik qolgan xalq hozirgi eski shahar tomonga, ya’ni, Registon maydoni atrofiga ko’chib o’tadi. Bu yerdan oqib o’tuvchi kanal ancha kengayib sayozlasha boshlaydi. Shundan so’ng, kanal uchun yangi o’zan qazilib jilovlanadi. Kanalning eski o’zanida juda ko’p qum to’planganligi uchun bu joy Registon, ya’ni, "qumloq joy" deb atala boshlandi. Sohibqiron Amir Temur davrida Registon maydoni o’rnida markaziy bozor joylashgan edi, shuningdek, bu yerda jahongirning xotini Tuman og’a tomonidan barpo qilingan usti yopiq savdo timi-rastalar qurilgan edi. Registon maydonining me’moriy tomondan shakllanishi Mirzo Ulug’bek hukumronligi davridan boshlangan. Samarqandga 40 yil (1409-1449 y.) huqmronlik qilgan ulug’ munajjim Mirzo Ulug’bek bu shaharning obodonchiligi borasida hyech narsani ayamadi. Mirzo Ulug’bekning farmoni bilan Tuman og’a timining g’arbiy tomonida hashamatli madrasa qurish boshlanadi.

1420 yili qurib bitkazilgan bu madrasa o’z salobati va go’zalligi bilan zamondoshlarining hayratiga sazovor bo’lgan edi. Madrasaning to’rt burchagida to’rtta baland minora bunyod qilinadi. Madrasaning ichki hovlisida bir necha qulay va shinam hujralar, darsxonalar yuksak mahorat bilan ikki qavatli qilib qurilgan edi. Shuningdek, madrasaning ichki va tashqi devorlari rang-barang koshinlar bilan bezatilgan edi. Madrasa hovlisidagi hovuzchada limmo-lim suv jimirlab turar, unga quyosh nuri tushgach esa, devorlardagi naqshlarga quyosh nuri urilib kishi ko’zini qamashtirarli darajada aks-berar edi. Registonda Mirzo Ulug’bek hashamatli madrasa qurishdan tashqari ulkan xonaqoh va ulug’vor karvonsaroy ham bunyod qildiradi. Buning uchun kuhna imoratlar tekislanadi. Bulardan tashqari Mirzo Ulug’bek, karvonsaroyning yaqinida yangi hammom ham bunyod qildiradi. Mirzo Hammomi nomi bilan mashhur bo’lgan bu inshoot o’z me’moriy yechimlari bilan temuriylar davri me’morchiligida alohida o’rin egallagandir. Mirzo Boburning ta’rificha, bu xildagi ajoyib hammom Movarounnahr va Xurosonda yagona bo’lgan. Shuningdek, hozirgi Registon maydonida Mirzo Shohruhning tarbiyachisi Alika Ko’kaltosh tomonidan bunyod qilingan hashamatli masjid ham qad rostlab turgan. Mirzo Bobur Samarqand haqida yozar ekan, Ulug’bek tomonidan Registon maydonida barpo qilingan Muqatta masjidini ham eslab o’tadi. Ushbu masjid Ulug’bek madrasasining janubiy tomonida qad rostlab turgan. Temuriylardan keyin Samarqand taxtiga o’tirgan shayboniylar ham bu shaharning obodonchiligi borasida katta ishlar qildilar. Tarixchi Hofiz Tanish Buxoriyning yozishicha, Abdullaxon 1581 va 1587 yillarda, ikki marta, Samarqanddagi me’morchilik yodgorliklarini ta’mirlashga farmon bergan, shu maqsadda katta mablag’ sarflangan. Registon maydoni XVII asrning boshlarida yana ulkan qurilish maydoniga aylandi. Bu yerda Samarqand hokimi Yalangto’shbiy Bahodir biri - biridan go’zal, hashamatli va ulug’vor ikki madrasasini bunyod qildirdi.Ulug’bek madrasasining qarama-qarshi tomonida qad rastlagan Sherdor madrasasini qurilishi 1619 yili boshlangan edi. Bu madrasaning loyihasini yaratgan me’morlar uni har tomonlama Ulug’bek madrasasiga o’xshatishga harakat qildilar. Shu tufayli Sherdor madrasasining peshtog’ini balandligi, moviy gumbazlari, salobatli minoralari XV asrda qurilgan Ulug’bek madrasasiga o’xshab ketadi. Ammo, Ulug’bek madrasasidan ikki asr keyin qurilgan Sherdor madrasasi uning takrori, nusxasi deyish adolatsizlik bo’lar edi. Ammo, Sherdor madrasasining koshinlari, va bezaklari faqat o’zigagina xos, betakrordir. Shuningdek, Sherdor madrasasining hovlisi va undagi hujralar ham o’z me’moriy yechimlari bilan Ulug’bek madrasasidan farq qiladi.

Shuningdek, Sherdor madrasasi peshtog’iga ishlangan sher, uning belidagi odamyuzli quyosh, va orqasiga qarab hadiksirab, hurkib borayotgan ohu tasvirlari ham bu madrasaning ko’rkiga ko’rk qo’shib turibdi. Quyosh, sher va ohu tasvirlari qanday falsafiy g’oyani anglatishi haqidagi bahslar haligacha o’zinining tugal yechimini topgan emasdir. Sherdor madrasasining devorlarida uni qurgan usta-me’mor Abdul Jabborning va me’morchilik bezaklarini yaratgan mohir usta Muhammad Abboslarning nomlari abadiy muhrlanib qolgandir. Madrasa devorlarida, uni bunyod qildirgan Samarqand hokimi Yalangto’shbiy Bahodirning nomi va uning nomiga bitilgan madhiya ham saqlangandir. Ushbu madrasa qurilgan paytda xalq orasida va hujjatlarda "Yalangto’shbiyning katta madrasasi" deya atalar edi, ammo, keyingi davrlarda noto’g’ri ravishda Sherdor deya atalib ketgandir. Registon maydonida bunyod qilingan uchinchi madrasa Tillakori madrasasidir. Bu madrasa ham Yalang¬to’shbiy Bahodir tomondan barpo qilingan bo’lib, tarixiy manbalardan anglashilicha 17yil davomida qurilgandir. Tillakori madrasasining peshtog’i ham xuddi Ulug’bek va Sherdor madrasalariniki kabi baland va ulug’vordir. XVII asrlarga kelib Amir Temur jome’ masjidi anchayin xarobaga aylangan, Registondagi Alika Ko’kaldosh masjidi esa batomom yo’q bo’lgan edi. Shu sababli, Samarqand ahli yangi jome’ masjidga ehtiyoj sezar edi. Buni yaxshi anglagan Yalantushbiy Bahodir yangi qurila¬digan madrasada hashamatli masjidni ham uyg’unlashtirishga qaror qidi. Me’morlar hukmdorni niyatini yaxshi angladilar va uni loyihaga ko’chirdilar. Madrasa hovlisi ham bu yerga namoz o’qishga keladigan namozxonlarga qulay qilib qurildi. Masjid va madrasani bezatishda juda ko’plab oltin ishlatilganligi uchun uning devorlari yarqirab turardi. Shu sababli ham bu madrasa qurilgan davrlarda, "Yalangtushbiyning kichik madrasasi" deb atalganligiga karamay, keyinchalik, "Tillakori" degan nom bilan atalib ketdi. Tillakori masjid - madrasasining devorlardagi koshinlar va mozaik pannolar o’z go’zalligi bilan tanho, betakrordir. Registon maydonida qad rastlab turgan bu uch ulug’vor madrasalarda bir necha asrlar davomida yuz-yuzlab tolibi ilmlar ta’lim olganlar. Uning hujralarida tunni tongga ulab ilm sirlarini egallaganlar. Ularga o’z davrining ne-ne ulug’ allomalari ta’lim berganlar. Bundan tashqari bu uchala madrasalarda Markaziy Osiyoning XV-XVII asrlardagi yuksak me’morchilik goyalari abadiy muhrlanib qolgandir. Registon bugungi kunlarda O’zbekiston hayotidagi muhim madaniy tadbirlarni o’tkazadigan bosh maydonga aylangandir.

3 комментария: