Fargʻona viloyati
rasm: uza.uz veb saytiga tegishli
Fargʻona viloyati — Oʻzbekiston Respublikasi tarkibidagi viloyat. 1938-yil 15-yanvarda tashkil etilgan. Respublikaning sharqida, Fargʻona vodiysining janubida joylashgan. Shimoldan Namangan, Andijon viloyatlari, janub va sharqdan Qirgʻiziston, gʻarbdan Tojikiston Respublikalari bilan chegaradosh. Maydoni 6,8 ming km2.
Aholisi 3,317 ming kishi (2012). Tarkibida 15 tuman, 9 shahar
(Beshariq, Margʻilon, Rishton, Fargʻona, Yaypan, Quva, Quvasoy, Qoʻqon,
Hamza), 10 shaharcha, 164 qishloq fuqarolari yigʻini bor (2004).
Markazi — Fargʻona shahri.
Tarixi
Fargʻona viloyati Oʻzbekistonning qadimgi madaniyat oʻchoqlaridan
biri. Viloyat hududida topilgan tosh davri manzilgoxlari va
qoyatoshlariga solingan suratlar vodiyda odamlar eng qadimgi davrlardan
beri yashab kelganliklaridan darak beradi. Fargʻona viloyatining tosh
davri yodgorliklarini 1954-yil
A.P. Okladnikov rahbarligidagi arxeologiya otryadi oʻrgangan. Vodiyning
sharqiy qismidagi Qayroqqum, Xoʻjagʻor va Uchqoʻrgʻon makonlaridan
mustye davriga oid tosh qurollar topildi. Vodiyning gʻarbiy qismidagi
qadimgi tosh davri madaniyatiga oid manzilgohlar mustye davridagi
Qalʼacha, Jarqoʻton va Qapchigʻay tosh qurollar ishlash ustaxonalari
topilib oʻrganildi. 1958-yil birinchi marta Markaziy Fargʻonadan mezolit davriga oid mikrolit tosh qurollari topildi. Shuningdek, Markaziy Fargʻonadagi Uzunkoʻl va Tayloqkoʻl atroflaridan mezolit va neolit
davrlariga oid 24 ta manzilgoh borligi aniqlandi (1965). Soʻx
vohasidagi 28 gʻor va ungurlar (Selungur, Eshma, Obishir, Sur, Bel, Zim,
Ovikambar, Bogʻishim va boshqalar) roʻyxatga olindi. Obishir
gʻorlaridagi madaniy qatlam yaxshi saklangan. Gʻorlarni qazish
jarayonida mezolit davriga oid tosh qurollar, xayvon suyaklari topilgan.
Bular oʻsha davr turmushini oʻrganish imkonini beradi.
1967 va 1969—70 yillarda Sankt-Peterburgdagi
Ermitaj muzeyi xodimlari mezolit va neolit davrlariga oid 35 ta
manzilgohtopdilar. Fargʻona viloyatining arxeologik yodgorliklarini
oʻrganishda Katta Fargʻona kanalining qazilishi muhim ahamiyatga ega
boʻldi. Kanalni qazish jarayonida jez davri, quldorlik va zamindorlik
jamiyatlariga oid yodgorliklar topildi va tekshirildi. Quva va Toshloq
tumanlari oʻrtasidagi Akbarobod qishlogʻida jez davriga oid manzilgoh,
Margʻilonsoyning chap sohilida Oqtom qabristoni boʻlganligi aniqlandi.
Fargʻona viloyatining Quva tumanida quldorlik davriga oid Taxyontepa, Fargʻona shahrida Simtepa (Chimtepa) kabi yodgorliklar topib oʻrganilgan. Ayniqsa, Quva
shahridagi mil. av. 5-asr va oʻrta asr boshlariga oid topilmalar yaxshi
tekshirilgan. 10—11-asrlarga doir tarixiy manbalarda bu shahar obodligi
va kattaligi jihatidan vodiyda Axsikatdan soʻng eng yirik shahar deb
qayd qilingan. Arxeologik materiallar Margʻilon sh. 10-asrda katta
qishloq boʻlib, 11 — 12-asrlarda shaharga aylanganligini, Rishton esa 10-asrda katta shahar boʻlsa ham, 11—12 asrlarga kelib qishloq qiyofasiga kirib qolganligini isbotlaydi. Oʻtroq dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullangan Chust madaniyatiga oid manzilgohlardan topilgan yodgorliklar Fargʻona vodiysini
oʻrganishda muhimdir. U yerda ishlab chiqarish kuchlari va xoʻjalikning
taraqqiyoti jez davrining oxirida dehqonchilik qabilalarining ijtimoiy
tuzumida oʻzgarish yuz berishiga, natijada ibtidoiy tartiblar tugab
jamiyatdagi tabaqalanishga olib kelgan. Roʻzgʻor anjomlarida xususiy
mulkchilik kurtaklari koʻzga tashlanadi. Arxeologik tekshirishlar
natijasi Fargʻona viloyatida qadimdan odamlar yashab, ovchilik,
dehqonchilik, chorvachilik bilan shugʻullanganligidan, kishilik
jamiyatining keyingi bosqichlarida esa madaniyat rivojlana
boshlaganligidan dalolat beradi.
Tabiati
Fargʻona viloyatining shimoliy qismini Qoraqalpoq va Yozyovon
dashtlari egallagan, janubdan Olay tizmasidan oqib tushadigan
daryolarning yoyilmalari bilan oʻralgan. Janubda adirlar Olay
tizmasining togʻ oldilari bilan almashinib turadi. Fargʻona viloyati
yuqori seysmik zona qisoblanadi. Iqlimi kontinental. Qishi birmuncha
yumshoq, baʼzan havo juda sovib ketadi. Yanvar oyining oʻrtacha
harorati — 3,2 °C, iyulniki 28 °C. Eng past harorat —27,9 °C. Eng yuqori
harorat 42 °C. Vodiyning gʻarbida esadigan kuchli „Qoʻqon shamoli“
iqlimga salbiy taʼsir etadi. Shamolning tezligi sekundiga baʼzan 35–40 m
ga yetadi. Janubi-sharqida yozda garmsel esadi. Yiliga gʻarbida 100 mm
dan (Qoʻqon atrofi) sharqiy qismida 170 mm gacha, togʻ yon bagʻirlarida
270 mm gacha yogʻin tushadi, asosan, bahorda yogʻadi. Vegetatsiya davri
210—240 kun. Viloyatning shim.gʻarbiy chegarasi boʻylab Sirdaryo oqadi.
Olay tizmasidan Isfara, Soʻx, Shohimardon, Isfayramsoy boshlanadi.
Daryolar muzlikqor suvlaridan toʻyinadi. Iyul— avgustda toʻlib oqadi.
Daryo suvlari sugʻorishga sarflanadi. Asosan, boʻz tuproq va oʻtloqi
botqoq tuproklar keng tarqalgan. Adirlarda aksari och va tipik boʻz
tuproqlar, Sirdaryo
terrasalarida allyuvialoʻtloqi tuproqlar, viloyatning shimoliy qismida
shoʻrxok oʻtloqlar va ajriqli oʻtloqlar mavjud. Markaziy Fargʻonadagi
shoʻrxoklarda turli xil shoʻra oʻsadi. Yerlarining kattagina qismi
ekinzor. Vohalarda terak, tut, qayragʻoch, daryo vodiylarida keng bargli
oʻrmonlar va archazorlar bor. Yovvoyi hayvonlardan Sirdaryo
toʻqayzorlarida qobon, adir va Olay tizmasi togʻ oldilarida boʻri,
tulki, chiyaboʻri, quyon, boʻrsiq, jayra yashaydi. Ondatra, nutriya
iklimlashtirilgan. Qushlar, sudraluvchilar koʻp. Suv havzalarida marinka, usach, zogʻora baliq, karp, oq amur, doʻngpeshona baliqlar bor.
Aholisi
Aholisi, asosan, oʻzbeklar shuningdek, tojik, rus, qirgʻiz, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km2 ga 413,9 kishi. Shahar aholisi 800 ming kishi, qishloq aholisi 2015 ming kishi (2004).
Sport
Fargʻona viloyatida „Universiada 2004“ sport musobaqalari oʻtkazildi. 2004-yildan
boshlab viloyatda sportning suv polosi va sinxron suzish turlari yoʻlga
qoʻyildi, seksiyalar tashkil etildi. Mavjud sport federatsiyalaridan
tashqari qoʻl toʻpi, turon milliy yakka kurashi, sinxron suzish,
armrestling kabi sport turlari boʻyicha sport federatsiyalari tuzildi.
Fargʻona viloyatia jami 5135 sport inshooti mavjud. Shuningdek, Fargʻona
Olimpiya zaxiralari sport kollejida dastlabki sport inshootlari ishga
tushirildi. „Yoshlar madaniyat va sport majmuasi“, „Fargʻona“ markaziy
stadioni, „Istiqlol“ tennis majmuasi, ot sporti maktabi, „Kimyogar“
sport majmuasi faoliyat koʻrsatadi. Sportning yunonrim, qoʻl jangi, taekvondo, karate, shaxmat, shashka, boks, belbogʻli kurash, milliy kurash, turon milliy yakkakurashi, yengil atletika, mini futbol, voleybol
turlari rivojlangan. Viloyat sportchilari 2004-yilda xalqaro sport
musobaqalarida ishtirok etib 7 oltin va 4 kumush medallarga sazovor
boʻlishdi. Ayniqsa, Koreya Respublikasida oʻtkazilgan boks boʻyicha yoshlar oʻrtasidagi Jahon chempionati, Qozogʻistonda armrestling , Yaponiyada baydarka va kanoe, Filippinda
boks boʻyicha oʻtkazilgan Osiyo chempionatlarida viloyat sportchilari
muvaffaqiyatli ishtirok etishdi. Yengil atletika boʻyicha oʻtkazilgan
respublika sport musobaqalarida viloyat vakillari Ye. Tunguskova va Z.
Abdullayevalar qatnashib respublika terma jamoasi tarkibiga kiritildi.
Ogʻir atletika boʻyicha respublika chempionatida Ye. Sisoyeva oʻz vazni
boʻyicha golib boʻldi. Shuningdek, Ye. Sisoyeva va B. Toshpoʻlatovalar
2004-yilda AQShda
talabalar oʻrtasida ogʻir atletika boʻyicha oʻtkaziladigan chempionatga
nomzod etib kiritildi. Nogironlar oʻrtasida stol tennisi boʻyicha
oʻtkazilgan Oʻzbekiston chempionatida A. Ismatullayev gʻolib boʻlib,
Jahon chempionatida ishtirok etish uchun Respublika terma jamoasi
tarkibiga kiritildi. 2004-yilning avgust oyida Afinada oʻtkazilgan 28
yozgi Olimpiya oʻyinlarida Fargʻona viloyatining 5 sportchisi ishtirok
etdi. 2004-yilda viloyatda basketbol boʻyicha xalqaro „Mersiko“ turniri,
milliy va belbogʻ kurashi boʻyicha Hazrat Ali hamda Temirjon va Hamid
polvonlar xotirasiga bagʻishlangan xalqaro turnirlarda respublika
viloyatlari, 10 dan ortiq xorijiy davlat polvonlari katnashdi. Yil
davomida oʻtkazilgan sport musobaqalarda ishtirok etib viloyat
sportchilari 250 dan ortiq medallarni qoʻlga kiritishdi. 15 sportchi
sport ustasi normasini bajardi.
Комментариев нет:
Отправить комментарий